UNIVERSITET YANGILIKLARI
Asosiy / Tuzilma / TATU Urganch filiali direktorining Navro’z bayrami tabrigi!


TATU Urganch filiali direktorining Navro’z tabrigi!

Assalomu alaykum aziz ustozlar, xamkasblar, jamiyatimizning kelajagi, ishonchi va tayanchi bo'lgan navqiron yoshlar! Avvalambor, barchangizni, jonajon O'zbekistonimizga kirib kelgan Navro'zi olam bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, yuksak hurmat va ehtiromimni, eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Hammamiz yaxshi bilamiz, Navro'z tinchlikni, sihat-salomatlikni qadrlab, asrab-avaylab yashashga da'vat etadi.

“Navro‘zi olam bizni tabiat farzandi bo‘lib, vatan tuprog‘ini, ona zamindagi har bir giyohni, ko‘zimizga to‘tiyo qilib yashashga o‘rgatadi. Navro‘z hammamizga insoniylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik fanidan saboq beradi. Shu fayzli lahzalarda barchamiz tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho ne’mat ekanini, uning qadr-qimmati va ahamiyatini yaxshi anglaymiz.

Bu yilgi bayram tadbirlarimiz Respublikamiz bo’ylab “Har kuning Navro’z bo’lsin, jonajon O’zbekistonim” shiori ostida o’tkazilmoqda. Xususan filalimizda ham bu yilgi Navro’z saylimizda turli ko'ngilochar tadbirlar, sport musobaqalari va o'yin-kulguga boy tarzda milliy taomlar ko'rgazmalari tashkil qilinmoqda.

Bugungi kunda, siz aziz yoshlarga o’z ustingizda yanada ko’proq ishlashingiz va yetuk kadr bo’lib yetishishigiz uchun imkoniyatlar eshiklari keng ochilishda davom etmoqda. Xususan «Yoshlarning oliygohlarda davlat hisobidan grant asosida o‘qish huquqi Konstitutsiyada belgilanmoqda. Bu bilan iqtidorli yoshlarning davlat hisobidan oliy ta’lim olish imkoniyati kafolatlanmoqda. Bu oliy ta’limda hamisha davlat granti uchun kvotalar ajratiladi va ushbu tartib hech qachon bekor bo‘lmaydi degani».

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Prezidentimizning yoshlarga xususan al-Xorazmiy avlodalari bo’lmish IT mutaxassislariga ishonchi katta. Jumladan, o’z nutqlarida “Yurtimiz kelajaki bo’lmish zakovatli yoshlar, buyuk ajdodimiz Muhammad Xorazmiyning bir hikmati bor: “So‘z – gul, ish – meva”. O‘ylaymanki, bugun belgilab oladigan rejalaringiz qanchalik pishiq-puxta bo‘lsa, ishingiz ham shunchalik yaxshi samara beradi. Ilmning qanchalik ahamiyatli ekanligini anglash uchun Muhammad Xorazmiy asos solgan ilm – “algoritm”ni eslashning o‘zi kifoya. Ushbu ulug‘ zotning beqiyos xizmatlarini insoniyat hamon minnatdorlik bilan eslamoqda. Uning olamshumul kashfiyotlari bugungi axborot texnologiyalarini yaratishda ham asos bo‘lgan” degan fikrlari ajdodlarimizdan faxrlanish va munosib avlod bo’lishga intilishga undaydi.

So’zim so’ngida dilimizdagi barcha olijanob orzu-intilishlarimiz ro'yobga chiqishini tilab, barchangizga sog’lik-salomatlik, o’qish va ishlaringizda kattadan katta zafarlar tilayman.

Barchamizga Navro’z muborak bo’lsin!

© Copyright All Right Reserved 2020, by Ravshanbek Топ рейтинг www.uz